2026-yil "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili"

Breadcrumb Background
Asosiy sahifa Yangiliklar

Yangiliklar

“ILMLI, MA’RIFATLI QIZLAR — JAMIYAT BEZAGI” MAVZUSIDA MA’RIFIY SEMINAR O‘TKAZILDI

Samarqand shahridagi 45-umumta’lim maktabida erta nikoh va erta tug‘ruqning oldini olish, shuningdek ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etishga qaratilgan “Ilmli, ma’rifatli qizlar — jamiyat bezagi” mavzusida ma’rifiy seminar tashkil etildi.

Tadbirda Samarqand shahar hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari ishtirok etdilar.

Seminar davomida Samarqand shahar hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ra’no Qurbonova so‘zga chiqib, joriy yil 4 - mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli Farmon mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berdi.

Tadbirda erta nikoh, o‘smirlar homiladorligi hamda qizlarni ta’limdan ajralib qolishining oldini olish masalalari muhokama qilinib, o‘quvchi-qizlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, yosh qizlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi va mustaqil hayotga tayyor bo‘lib borishi jamiyat taraqqiyoti uchun muhim omil ekani alohida qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari tomonidan o‘quvchilarga reproduktiv salomatlik, erta homiladorlikning tibbiy, ijtimoiy va huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berilib, salomatlikni asrash va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Tadbirda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Nigora Yodgorova so‘zga chiqib, keyingi vaqtlarda o‘quvchi qizlar o‘rtasida ta’limga va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlari samarasida qizlar o‘rtasida jinoyatchilik holatlari sezilarli darajada kamayganini ta’kidladi.

Seminar davomida o‘quvchi qizlarga bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, o‘z orzu va maqsadlari sari intilish muhimligi haqida tavsiyalar berilib, ular ta’lim olishga, o‘z ustida ishlashga va jamiyatning faol a’zosi bo‘lishga targ‘ib qilindi.