Samarqand shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda yangicha metodik yondashuv
Samarqand shahar tajribasi
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xabarlaringiz bor, davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashriflari chog‘ida Samarqandni “Metodik hudud”ga aylantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslari bugun amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.
Jumladan, Samarqand shahri tajribasi sifatida “Direktorlar shu’basi” tashkil etildi. Shaharda mavjud 84 ta maktab direktori hududlar kesimida 10 ta shu’baga bо‘lingan hamda haftaning har chorshanba kuni “Metodik kun” sifatida belgilandi.
Ushbu metodik kunda 10 ta, har oyda esa 40 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyatini shu’ba a’zolari bilan birgalikda maktabning bir kunlik faoliyatini to‘liq o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ushbu xato va kamchiliklar takrorlanmaslik yuzasidan metodik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu’baning asosiy maqsadi esa umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini holisona baholash hamda ularning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Mazkur tajriba maktablar faoliyatida ochiqlik va hamkorlik muhitini kuchaytirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.


