BO'LIM BOSHLIG‘I 18-MAKTABDA "KELAJAK SOATI" MASHG‘ULOTINI O‘TDI
Bugun barcha ta’lim muassasalarida darslar “Kelajak soati” darslari bilan boshlandi.
Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo'limi boshlig‘i Z.Nuriddinov 18-umumta’lim maktabida "Kelajak soati" darsini o‘tdi.
Maktablarda bugungi dars “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning buyukligi” mavzusida tashkil etildi.
Tarixda shoirlar ko‘p bo‘lgan. Lekin xalq taqdiri uchun davlat xizmatida ishlab turib, ya’ni ichkaridan yengillashtirgan, hokimiyatni adolatli va xalqparvar bo‘lishga doim undagan shaxslar kam. Alisher Navoiy ana shunday siymolardan biri edi.
Navoiy o‘z davrida vazir, yirik davlat arbobi va ulkan ta’sirga ega shaxs edi. Unga podshoh quloq solardi, xalq uni yaxshi ko‘rardi, shahzodalar va a’yonlar uning maslahatiga yurardi. Bu mavqega u o‘z bilimi, keng tafakkuri va donishmandligi bilan erishgan.
U vazir, hatto Bosh vazir bo‘ldi, viloyatlarni boshqardi, hokimlik mas’uliyatini zimmasiga oldi. Lekin bu lavozimlar unga boylik yoki shaxsiy manfaat uchun kerak bo‘lmagan. Uning uchun mansab xalqqa xizmat qilish imkoni edi.
U ochiq-oydin bir tamoyilga amal qilgan: davlat kuchi xalq roziligidan boshlanadi.
Shuning uchun Navoiy xalq uchun xayriya muassasalari ochdi, yetim-yesir, kambag‘allarni qo‘llab-quvvatladi, madrasa, masjid, shifoxona va yo‘lovchilar uchun maskanlar barpo ettirdi, xalqning dardini podshohga yetkazdi, adolatli boshqaruv bo‘lishi uchun nizom yozdi.
Podshoh Husayn Boyqaro bilan yaqin bo‘la turib, unga faqat yoqimli gaplarni emas, to‘g‘ri va xalqparvar maslahatlarni ayta olgan. Og‘ir soliq yuki, adolatsiz qarorlar yoki xalqqa zulm keltiradigan siyosatga qarshi turgan.
“Kelajak soati” darslarining mavzularini https://milliytarbiya.uzedu.uz/ platformasi orqali muntazam kuzatib borish mumkin.

